Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti talabalari “Talaba-yugur” ko‘ngillilar yugurish sport musobaqasida faol ishtirok etmoqda

Aniq va ijtimoiy fanlar universiteti talabalari jismoniy faollikni targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va sport orqali ijtimoiy faollikni kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan “Talaba-yugur” ko‘ngillilar yugurish sport musobaqasida faol ishtirok etmoqda.

Mazkur sport tadbiri yoshlar orasida yugurish sport turini ommalashtirish, irodaviy sifatlarni rivojlantirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish va do‘stona jamoaviy muhitni shakllantirishni maqsad qilgan.Musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish doirasida universitetimiz jamoasi Toxirjon Axmadjonov boshchiligida Toshkent shahridagi «Yangi O‘zbekiston bog‘i»ga tashrif buyurib, yugurish bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlarni boshlab yubordi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar jismoniy chiniqish, nafas olish texnikasi, tezlik va chidamlilikni oshirish kabi ko‘nikmalar ustida ishlamoqda.

Musobaqaning rasmiy boshlanishidan avval olib borilayotgan ushbu tayyorgarlik jarayoni talabalarda sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, ularni jamoa bo‘lib harakat qilish, o‘z oldiga maqsad qo‘yish va uni uddalashga intilish kabi ijobiy sifatlarni shakllantirmoqda.
Aniq va Ijtimoiy fanlar universiteti jamoasi musobaqaga yuqori kayfiyatda, jismonan va ruhan tayyor holda ishtirok etishga intilmoqda. Bunday sport tadbirlari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va ularni ijtimoiy jihatdan faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.