Aniq va ijtimoiy fanlar universitetida «Ochiq suhbat: Oila, jamiyat va jinsiy madaniyat» mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi!

Aniq va Ijtimoiy fanlar universitetida talaba yigitlar uchun «Ochiq suhbat: Oila, jamiyat va jinsiy madaniyat» mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oila va jamiyatdagi sog‘lom munosabatlar madaniyatini rivojlantirish, shuningdek, jinsiy tarbiya va sog‘liqni saqlash borasida to‘g‘ri va ishonchli bilimlarni yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi bo‘lim boshlig‘i – Abdukadirov Dilmurod Ravshanovich ishtirok etdi va u talabalar bilan ochiq muloqotda bo‘lib, quyidagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha batafsil va asosli ma’lumotlar taqdim etdi:
🔹 Oila va jamiyatdagi sog‘lom munosabatlar madaniyati – oilaviy qadriyatlar, o‘zaro hurmat, mas’uliyat va ishonchga asoslangan munosabatlarning jamiyat barqarorligidagi o‘rni haqida;
🔹 Jinsiy tarbiya va salomatlikning ahamiyati – yoshlarga to‘g‘ri jinsiy tarbiya berish, ularning ruhiy va jismoniy sog‘ligiga ijobiy ta’siri, noto‘g‘ri axborot manbalarining salbiy oqibatlari haqida;
🔹 OITS (OIV) va boshqa infeksion kasalliklardan himoyalanish yo‘llari – ushbu xavfli infeksiyalarning tarqalish yo‘llari, profilaktika choralari, test topshirish va tibbiy maslahatlar olishning ahamiyati to‘g‘risida.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va mutaxassis tomonidan mazmunli javoblar olishdi. Suhbat ochiq, samimiy va o‘zaro ishonchga asoslangan ruhda o‘tdi.
Shuningdek, ushbu davra suhbati yoshlarni o‘z sog‘ligiga mas’uliyat bilan qarashga, sog‘lom turmush tarzini tanlashga va hayotiy muhim qarorlarni ongli ravishda qabul qilishga undadi.