Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 28-dekabrda parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida “Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz avliyolarimizning bebaho merosi, yengilmas sarkarda va arboblarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini kuchaytishga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak” deb taʼkidlagandi. Bu bejiz aytilmadi, albatta.
Zero, xalqimiz, ayniqsa millatning kelajagi boʻlgan yoshlar buyuk ajdodlar tarixini qanchalar koʻp oʻrgansa, ularning hayoti va faoliyatidan ibrat va saboq olib yashasa, qalbida milliy gʻurur va iftixor tuygʻulari joʻsh urib, elu yurtga boʻlgan muhabbati yana-da ortadi.
Bu ezgu ishlarni amalga oshirishda esa, xalqimiz tarixida oʻtgan koʻplab buyuk siymolar qatorida, Sohibqiron Amir Temur qadriyatini oʻrganish ham muhim ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy ahamiyatga ega.